AHMAD YASSAVIYNING TURKIY XALQLAR TARIXIDA TUTGAN O’RNI HAQIDA
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-03-03-16Muhim iboralar:
Xoja Ahmad Yassaviy, yassaviylik, turkiy, “Devoni hikmat”, hikmatlar, tasavvuf, izdosh, tadqiqotAnnotatsiya
Maʼlumki, Xoja Ahmad Yassaviy turkiy xalqlar orasida birinchi boʻlib mustaqil tariqatga asos solgan, tasavvuf adabiyotida hikmat anʼanasini boshlab bergan mutasavvif ijodkordir. Piri Turkiston hayotligida va undan keyingi davrlarda uning hikmatlariga ergashib soʻfiyona toʻrtliklar yozish ushbu tariqatda qudsiy bir odatga aylangan. Bu sheʼrlar turli davrlarda koʻchirilib “Devoni hikmat” yoki “Hikmatlar” deya nomlangan toʻplamlardan oʻrin olgan. Xoja Ahmad Yassaviyning fikr-qarashlari turkiy ellarning ko’plab vakillariga qadar yetib bordi va ularning maʼnaviy, adabiy hayotlarida oʻz oʻrnini topdi.
Ahmad Yassaviy taʼlimoti oʻz davrida va undan keyingi zamonlarda Turkiston diyorida tasavvufiy qarashlarning ahli sunnat eʼtiqodiga muvofiq ravishda oʻrin olishiga hissa qoʻshdi. Uning fikr-gʻoyalari taʼsirida soʻfiyona turk adabiyoti chigʻir ochdi. Buning natijasida xususan Movarounnahrda yassaviylikka doir adabiyotlar yuzaga keldi, ularda Ahmad Yassaviy, uning xalifa va izdoshlari haqida, hukmdorlar va xalqning ulugʻ pir bilan boʻlgan munosabatlari toʻgʻrisida koʻplab qiziqarli naql, rivoyat va maʼlumotlarga oʻrin beriladi. “Devoni hikmat” nusxalaridagi yassaviya izdoshlarining ijod namunalari ham yassaviylik gʻoyalarini keyingi asrlarga qadar yetib borishiga hissa qoʻshdi. Alisher Navoiydan boshlab Mashrab, Soʻfi Olloyor, Majzub va Huvaydo kabi koʻplab irfoniy sheʼriyat vakillari ijodida yassaviylik taʼsirining izlarini kuzatish mumkin. Zero, Ahmad Yassaviy oʻz fikr-qarashlarini xalq ogʻzaki sheʼriyatining ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda ifodalash bilan bir qatorda soʻz, fikr va tuygʻularning oʻquvchi koʻngliga oson kirib borishini ham taʼminlashga muvaffaq boʻlgan edi. Nafaqat Oʻrta Osiyo, balki turkiy xalqlar vakillarining adabiyotlarida ham Ahmad Yassaviy taʼlimotini davom ettirgan Yunus Emro, Sayyod Hamza, Maxtumquli, Mavlo Quli, Qul Ali, Hoji Bektosh Valiy kabi izdoshlarni koʻplab uchratish mumkin. Demak, turkiy adabiyotning tarixiy shakllanish va rivojlanish jarayonlarida, diniy tasavvufiy gʻoyalarning oʻrin egallashida, Yassaviy va maktabi ijodiyotining oʻrni muhim boʻlgan. Maqolada Xoja Ahmad Yassaviy haqida turkiy xalqlar olimlari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy ishlar xususida muxtasar kuzatishlar bayon qilinadi.