FORS VA DARIY TILLARIDA SO‘Z TURKUMLARINI TASNIFLASH MUAMMOLARI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-03-05Muhim iboralar:
morfologiya, so‘z turkumlari, ot, ot-sifat, sifat-ravish, olmosh, son, fe’l, mustaqil so‘z turkumi, yordamchi so‘zlar.Annotatsiya
Fors va dariy tillarida mustaqil so‘zlar quyidagi so‘z turkumlari o‘rtasida taqsimlanadi: ot, sifat, ot-sifat, son, olmosh, fe’l va ravish. Maqolada mazkur tillarda so‘z turkumlarini tasniflashdagi asosiy yondashuvlar, ularning yuzaga kelish sabablari, so‘z turkumlarini ajratishdagi muammolar, so‘z turkumlarini belgilash mezonlari o‘rganilgan.
O‘tgan asrning o‘rtalarida fors tilida so‘zlarni turkumlarga ajratish masalasiga e’tibor qaratilgan. A. G‘arib, M. Bahor, B. Foruzanfar, J. Humoiy, R. Yosamiy, A. Humoyun Farrux, A. Xayyompur, P.N. Xonlariy, A. Mavlaviy, H. Ahmadiy-Giviy va H. Anvariy kabilarning grammatik asarlarida so‘z turkumlarini ajratishda mezonlar tafovuti mavjud. Natijada ularning miqdori ham o‘zaro farq qiladi. Dariy tilida so‘zlarni turkumlarga ajratish fors tili bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlarning ta’sirida yuzaga kelgan. Shunga qaramay, M.N. Saidiy, M.R. Ilhom, M.H. Yamin, R. Farhodiy, A. Yosin, A. Majidning asarlarida farqli yondashuvlar kuzatiladi.
Ot va sifat turkumlari oralig‘idagi so‘zlar, ravishning so‘z turkumi sifatida boshqa so‘z turkumlari, ayniqsa, ism turkumidan ajratish masalasi ham jiddiy. Mutaxassislar tomonidan bularni o‘zaro chegaralashning turli mezonlari taklif qilingan.
Ism so‘z turkumlariga, shuningdek, olmosh va son ham kiradi. Ba’zi eron tilshunoslari son turkumini arab tilidagi kabi alohida so‘z turkumiga ajratmaydilar. Fors tili grammatikasiga oid aksariyat ishlarda sanoq sonlar ham, tartib sonlar ham miqdor (hisob) sifatlari qatorida o‘rganiladi.
Yordamchi so‘zlar nominativ (atash) vazifaga ega emas, mustaqil so‘zlar orasidagi (old va ort ko‘makchilar) yoki so‘z va gaplar orasidagi (bog‘lovchilar) munosabatlarni ifodalaydi, ayrim so‘z va gapga birikib, turli ma’no ottenkalarini (yuklama) beradi. Undovlar his-hayajon, buyruq-xitob, haydash, chaqirish kabi ma’nolarni bildiradi. Modal so‘zlar so‘zlovchining o‘zi ifodalayotgan fikrga turli munosabatini, fikrning aniqligi, noaniqligi kabi ma’nolarni ifodalaydi.