“O‘TGAN KUNLAR” ROMANI TARJIMALARIDA MILLIYLIK IFODASI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-03-03Muhim iboralar:
Milliy madaniyat, milliy kolorit, milliy ruh, realiya, matafora, frazeologik iboralar, maqol, matal, kesatiq va qochiriq, mutarjim.Annotatsiya
Mazkur maqola Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani tarjimalarida milliylikni ifodalovchi atamalarning qanday yoritilganligini o‘rganishga va misollar yordamida tahlil qilishga qaratilgan.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyingi yillarda o‘zbek milliy adabiyotining eng sara durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilish va shu orqali xalqimiz urf-odatlari, an’analari, madaniyati, qo‘yingki tilini butun dunyoga tanishtirishga va ularning tasavvuriga etkazishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Mustaqillikka qadar barcha asarlarimiz boshqa tillarga bilvosita, asosan rus tili orqali tarjima qilingan bo‘lsa, endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bevosita amalga oshirilmoqda va bu xorij kitobxonlari tomonidan yaxshi kutib olinmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, o‘zbek xalqining milliy ruh va ma’naviy dunyosini o‘zida mujassam etgan A.Qodiriy, A.Qahhor, P Qodirov kabi buyuk yozuvchi va romannavislarimizning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishda nafaqat o‘zbek tarjimonlari, balki chet el mutarjimlarining bel bog‘lashgani bugungi muvaffaqiyatimiz nishonidir. Asosan tarixiy asarlarimizning g‘arb tillariga o‘girilishi o‘zga zabon kitobxonlariga yurtimiz tarixi, buyuk siymolarimiz faoliyati va ular yaratgan hamda bizga meros qilib qoldirilgan buyuk yodgorliklari haqida, bizning ziyoli ajdodlarimiz va ularning taqdirlari haqida yetarlicha ma’lumot olishga imkon beradi. Ushbu tarjima asarlarini o‘qigach, o‘zbek xalqi naqadar boy adabiy merosga ega ekanligiga o‘zlari guvoh bo‘lishadi. Bugungi kunda tarjimonlar oldida turgan murakkab vazifalardan, ya’ni ular tez-tez duch keladigan muammolardan biri ham, har qanday asarni boshqa tilga o‘girganda asliyatdagi milliylikka alohida urg‘u berish kerakligidir. Shuning uchun ham ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi asarda ifodalangan milliy xususiyatlarni yoritishda xorijiy tarjimonlar qo‘llagan usullarni o‘rganish, ularni misollar orqali tahlil qilish va ular qay darajada mahoratli ish olib borganliklarini tadqiq qilishdan iborat. Bu maqolada “O‘tgan kunlar”ni o‘zbek tilidan bevosita ingliz tiliga o‘girgan amerikalik tarjimon Mark Riz va asarni rus tilidan ingliz tiliga bilvosita tarjima qilgan mutarjim Karol Ermakovalarning tarjimalari bir-biriga qiyoslanib, asliyatga solishtirib o‘rganildi.Tadqiqot so‘nggida esa bevosita tarjima bilvosita tarjimaga nisbatan asliyatga ancha yaqin turadi va undagi milliy ruh, milliy kolorit ko‘proq saqlanib qolinadi, degan xulosaga kelindi.