QADRIYATGA OID TURK MAQOLLARIDA ERKAK OBRAZINING KONSEPTUAL TAHLILI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-04-08Muhim iboralar:
turk maqollari, qadriyat, erkak obrazi, ota, er, o‘g‘il farzand.Annotatsiya
Maqollar xalq madaniyatining yorqin namunasi bo‘lishi bilan birga o‘sha xalq urf-odati, qadriyatlari va ijtimoiy hayotini aks ettiruvchi ko‘zgu hisoblanadi. Har bir maqol ma’lum bir holat va vaziyat uchun yechim, xulosa yoki maslahat vazifasini o‘taydi. Turk tilida oila bilan bog‘liq maqollar jamiyatdagi boshqa mavzularga oid maqollarga nisbatan son jihatdan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Mazkur maqolada turk tilidagi qadriyatga oid maqollarda erkak obrazi tahlil qilingan. Maqolada turk madaniyatida oila, ushbu atamaning qadimgi turkiydagi ifodasi va hozirgi kundagi nomlanishi keltirilgan. Turk madaniyatida oila mudaqqas maskan bo‘lishi bilan bir qatorda, jamiyat va davlat shakllanishidagi muhim bo‘g‘in sifatida qaralgan. Oila ota-ona va farzandlardan tashkil topgan jamiyatning eng kichik, ayni vaqtda eng muhim birligi hisoblanadi. Mazkur birlik tarkibidagi ota, er va o‘g‘il farzand turk madaniyatida, qadriyatida qay tariqa namoyon bo‘lishi maqollarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
Ota oila boshlig‘i va muqaddas shaxsiyat sifatida qaraladi. U namuna, meros qoldiruvchi sifatlari bilan ulug‘lanadi. Er oila ta’minotchisi, himoyachisi va nazoratchisi hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda kenglik, saxiylik timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Turk maqollarida er xonadoni ota xonadonidan afzal ko‘rilishi va yetti o‘g‘ilga badal ekanligiga guvoh bo‘ldik.
O‘g‘il farzand noyob va har uyda topilmaydigan borliq sifatida baholanadi, lekin ulg‘ayishi ya’ni yangi oila qurishi bilan eng ulug‘ va yuqori darajadan qo‘shni, begona darajasiga tushadi. Bunda bir markazdan uzoqlashib boshqa bir markaz tashkil qilish qonuniyatini ko‘rishimiz mumkin.
Turk madaniyatida erkak kishining tashqi tomonga intilishi ijobiy baholangan bo‘lsa, ichkariga yo‘nalish ya’ni ichkuyovlik qattiq qoralanadi.