XITOY LINGVOMADANIYATIDA “OILA” KONSEPTI BILAN BOGʻLIQ STEREOTIP TIL BIRLIKLARINING TAHLILI
Muhim iboralar:
stereotip, “oila” konsepti, lingvistik stereotiplarAnnotatsiya
Mazkur tadqiqot lingvomadaniyatshunoslik, kognitiv tilshunoslikning obyekti boʻlmish lingvistik stereotiplarni oʻrganishga bagʻishlangan. Ishda xitoy lingvomadaniyatidagi “oila” konsepti doirasida turli zamonaviy stereotip til birliklarining diskurs tahlili amalga oshirilgan. Tadqiqot manbasi sifatida HSK5 (汉语水平考试 Xitoy tili darajasi imtihoni) materiallaridan foydalanildi. Diskurs analiz asosiy tadqiqot metodimiz hisoblanadi.
Stereotiplar muayyan bir xalq, millat, jamoa va guruhlarning barchaga maʼlum xususiyatlariga koʻra ularga “xulqiy tamgʻa”ni bosish natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy hodisadir. Ana shu ijtimoiy hodisa tilda ham oʻz aksini topishi tabiiy va shunga koʻra stereotip til birliklarini farqlash mumkin. Jahon tilshunoslari tomonidan ushbu til birliklariga idiomalar, paremiyalar, til metaforalari, uslubiy figuralar va h.k.lar kirishi aniqlangan. Tadqiqotimizda “oila” konsepti bilan bogʻliq, asosan, til metaforalarining xan millatidagi stereotipik qarashlarni ifoda etishini kuzatish mumkin. Ishda “oila” konsepti bilan bogʻliq stereotip til birliklari quyidagi ijtimoiy hodisa va munosabatlar tasnifi asnosida koʻrib chiqildi: (1) nikoh; (2) er va xotin oʻrtasidagi munosabat; (3) ota¬-ona va farzand oʻrtasidagi munosabat. Tadqiqotda xitoy tili va madaniyati oʻrganuvchisiga, asosan, xitoy xalqidagi “oila”ning zamonaviy qiyofasini koʻrsatish maqsadida, stereotiplikni yuzaga keltiruvchi frazema, leksema shaklidagi bir qator til birliklari tanlab olindi va ularning diskurs tahlili amalga oshirildi. Shuningdek, tahlillar jarayonida xitoy va oʻzbek lingvomadaniyatini chogʻishtirma tadqiq etish metodidan ham foydalanildi. Tadqiqot xulosasiga koʻra, tahlil qilingan stereotip til birliklarining vujudga kelishiga, eng avval, Xitoy mamlakatidagi “bir oilaga bir farzand” deb nomlangan tugʻilishni chegaralash siyosati natijasida oila shakli va oilaviy munosabatlarning oʻzgarishi sabab boʻlganligi aniqlandi.