YAPON SHAHAR MADANIYATI VA ADABIYOTINING SHAKLLANISH JARAYONLARI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-01-09Muhim iboralar:
Tokugava davri, shahar madaniyati, chyonin bungaku, sheʼriyat, xaykay, dramaturgiya, kabuki teatri, jyoruri qoʻgʻirchoq teatri, jidaymono, sevamono pyesalari.Annotatsiya
Maqola yapon adabiyoti tarixidagi eng qiziqarli davrlardan biri boʻlmish Tokugava davri va uning tarkibiga kiruvchi Genroku davri adabiy jarayonlarining umumiy tahliliga bagʻishlangan. Mamlakat tarixidagi mazkur davrda Yaponiya yopiq eshiklar siyosatini olib bordi, ijodiy faoliyat ziyolilardan harbiylar, harbiylardan shaharliklar qatlamiga qarab yoyildi. Mazkur davr asosan shahar madaniyati va adabiyotining jadal rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Tijorat bosmaxonalari rivojlandi va belletristika hamda sheʼriyat taraqqiy etdi, aktyor va qoʻgʻirchoqlar ishtirokidagi teatr ommalashdi. “Shaharliklar adabiyoti”ning shakllanishi natijasida nazmda “xaykay” janri, dramaturgiyada “kabuki” va “jyoruri” kabi teatr turlari yuzaga keldi va ular uchinchi qatlam vakillari hayotini aks ettirdi. Aynan mazkur davr yapon adabiyotini oʻrta asrlardan yangi davrga oʻtish oraligʻidagi muhim koʻprik vazifasini oʻtadi. Shu maqsadda, Tokugava davri yapon adabiyotida yuz bergan adabiy jarayonlarni oʻrganish nafaqat oʻrta asr, balki yangi davr kunchiqar mamlakat adabiyotini yanada yaxshiroq tushunib yetishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada dastlab XVII asr Yaponiyada yuzaga kelgan siyosiy-ijtimoiy vaziyat va uning oʻziga xos jihatlari toʻgʻrisida soʻz boradi. Shahar madaniyatining shakllanishi va uning omillari tahlil etilib, shahar madaniyati zamirida shahar adabiyotining yuzaga kelish jarayonlari yoritiladi. Xususan, Tokugava davrida “chyonin bungaku” (“shaharliklar adabiyoti”) nomi bilan saqlanib qolgan adabiyotning xususiyatlari ochib beriladi. Soʻng, xaykay sheʼriyatining shakllanishi va uning nazmda asosiy janrlardan biri sifatida qaror topish sharoitlari tahlil qilinadi. Genroku davrida vujudga kelgan ikki xil teatr – “kabuki” va “jyoruri” teatrlarining badiiy jihatlari, ularning shahar madaniyati va adabiyotining shakllanishida tutgan oʻrni toʻgʻrisida ham tahliliy mulohazalar keltiriladi.