ENERGETIKA XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASHNING XALQARO-HUQUQIY, SIYOSIY-INSTITUTSIONAL MUAMMOLARI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-03-15Muhim iboralar:
energetika xavfsizligi, xalqaro energetika huquqi, tabiiy zaxiralar qonunchiligi, energetika huquqining transmilliy tabiati, Xalqaro Energetika Xartiyasi, energetika huquqining xalqarolashuvi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar.Annotatsiya
Zamonaviy bosqichda xalqaro hamjamiyatning asosiy vazifasi BMT Nizomida belgilangan kollektiv xavfsizlikning yaxlit tizimini yaratish va qoʻllab-quvvatlash, uning barqaror va samarali boʻlishini taʼminlashdan iboratdir. Soʻnggi paytlarda energetika munosabatlarining xalqaro miqyosdagi ahamiyati tobora oshib bormoqda. Bunday sharoitda global energetika masalalarida toʻgʻri siyosiy doktrinani ishlab chiqish, ichki energiya bozorlarini yuqori sifatli huquqiy tartibga solish muhim ahamiyatga ega.
Energetika xavfsizligini taʼminlashning muhim elementi energetika sohasidagi davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikdir. Xalqaro munosabatlarning tarkibiy qismi boʻlib kelgan xalqaro energetika aloqalari jahon siyosatining tabiati va mazmuniga taʼsir qiladi va oʻz navbatida u tomonidan shakllanadi. Energiya resurslari va tabiiy zaxiralardan foydalanish qonunchiligining xalqaro tajribasi tahlili turli mamlakatlarda oʻziga xos huquqiy-meʼyoriy asoslar vujudga kelganligini koʻrsatadi. Bugungi kunda aksariyat davlatlarda, ular roman-german yoki anglosakson huquqiy oilalariga mansubligidan qatʼi nazar, tabiiy resurslardan foydalanishga doir munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslarini turli darajadagi qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlarning normalari tashkil etadi.
Shuningdek, global energetika xavfsizligini taʼminlash xalqaro va hukumatlararo tashkilotlar, jumladan, BMTning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Xalqaro energetika munosabatlari keng koʻlamli, koʻp komponentli tushuncha boʻlib, u albatta xalqaro darajada huquqiy tartibga solishni talab qiladi. Shubhasiz, ushbu vaziyatning xalqaro jihati ushbu masalalarga taʼsir qiluvchi xalqaro huquqning yangi manbalarining paydo boʻlishi shaklida ham, oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan huquqiy xarakterdagi boshqa mexanizmlarning paydo boʻlishi shaklida ham namoyon boʻladi.