MOVAROUNNAHR VA XUROSON FIQH AN’ANALARINING HAKIM TERMIZIYGA TA’SIRI
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-04-14Muhim iboralar:
ahl ar-raʼy, ahl al-hadis, Abu Hanifa, Imom Shofeiy, Ahmad ibn Hanbal, Xuroson, Movarounnahr, Hakim Termiziy, qiyos, fiqh, muhaddis, harfiy yondashuv, moturidiya aqidasi.Annotatsiya
Maqolada ahl ar-raʼy va ahl al-hadis yoʻnalishlarining shakllanish jarayonlari, unga sabab boʻlgan omillar manbalar asosida tahlil qilinadi. Xususan Shahristoniyning “al-Milal va-n-nihal” asari orqali mazkur ikki yoʻnalishning tavsifi keltiriladi. Maqolada ahl al-hadis va ahl ar-raʼy oʻrtasidagi shariat manbalariga yondashuvdagi farq konservator va liberallar oʻrtasidagi farq kabi emas, balki Qurʼon va sunnani hayotga tatbiq etishda ikki xil yondashuvning koʻrinishi ekanligi ochib beriladi. Bunda ahl ar-raʼy Qurʼon va sunnaga murojaat qilishda koʻproq aqloniy yoʻlni tutgan boʻlsalar, ahl al-hadis esa koʻproq harfiy yondashuvni ustun qoʻygan edi.
Keng tarqalgan fikrga koʻra, ulamolar ahl ar-raʼyga hanafiylikni ahl al-hadisga qolgan uch mazhab: shofeiylik, molikiylik va hanbaliylikni kiritadilar. Islom tarixida ahli sunnaning toʻrt fiqhiy mazhabidan boshqa mazhablar ham boʻlgan, ammo ular keng tarqala olmagan: Avzoiy, Jaririy (ibn Jarir Tabariy), Zohiriy yoki Dovudiy va boshqalar.
Muallif hanafiy mazhabining yirik markazlari sifatida Iroq, Xuroson va Movarounnahr hanafiyligi koʻzga tashlana boshlashini yoritib berib, hanafiylikning mintaqada mavqei balandligining bir necha sabablarini qayd etadi: hukmron tabaqalarning qoʻllab-quvvatlashi, mazhabning yangi voqeʼlikka tez moslasha olishi, qozilik vazifalariga aksar holatlarda asosan hanafiylarning tayinlanishi, urf-odatlarning hukm chiqarishda eʼtiborga olinishi va boshqa. Xuroson va Movarounnahrda IX-X asrlarda hanafiylikdan boshqa mazhablar keng tarqala olmagani maqolada ochib berilgan. Mintaqada hanafiylik aqidasi tarqalishi natijasida Samarqandda Imom Moturidiy moturidiya aqidasi tamoyillarini ishlab chiqqan. Hakim Termiziy ham hanafiylik muhitida voyaga yetgan, oʻz muhitida ahl ar-raʼy va ahl al-hadis munosabatlariga guvoh boʻlgan. Oʻz asarlarida ularga nisbatan mustaqil pozitsiyasini shakllantirgan.
Hakim Termiziy ahl ar-raʼy uslubiyatidagi qiyosning ahamiyatini taʼkidlagan holda, uni toʻgʻri qoʻllash boʻyicha oʻz talqinini taqdim etgan. Ahl al-hadisni esa harfiy yondashuvdan chetlashish, diniy matnlarning hikmati va murodini anglash orqali hukm chiqarishga chaqirgan. Hakim Termiziy ahl al-hadis va ahl al-raʼyning hadislarga munosabatidagi farqqa ham ishora qilgan: rivoyat qilish maqsadi va fiqhiy hukm chiqarish maqsadlarini toʻgʻri amalga oshirish boʻyicha oʻz xulosalarini bergan.