Oʻrta asrlar xitoy adabiyoti poetikasining nazariy asoslari
Muhim iboralar:
xitoy adabiyoti, oʻrta asrlar, janrlarAnnotatsiya
Badiiy adabiyot hayot bilan bir qatorda yangilanishga, oʻsishga va rivojlanishga qodir, yaratilishning bitmas-tuganmas kuchiga ega boʻlib, ayni xususiyatni oʻzida mujassam etgan soʻz sanʼati ijtimoiy hayotda paydo boʻlayotgan yangiliklarni aks ettirish bilan taraqqiy etadi. Badiiy adabiyoti rivojlangan har bir xalqning yutuqlari, shon-shuhrati butun dunyoga tez tarqaladi va millionlab insonlar eʼtiborini qozonadi. Shu sababli mamlakatimizda jamiyatning barcha sohalari qatori, murakkab va shonli tarixning yorqin sahifalariga, zamon haqiqatini badiiy ifodalagan sanʼatning barcha turlariga, xususan, badiiy adabiyotga katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, badiiy adabiyot insoniyat va millatning maʼnaviy, axloqiy qadriyatlarini shakllantiruvchi va taʼminlovchi asoslardan biridir. Jahon adabiyoti tarixidagi umuminsoniy gʻoyalarni, yuksak maʼnaviy-maʼrifiy tushunchalarni, goʻzal axloqiy fazilatlarni badiiy talqin etgan asarlar bashariyat mulkiga aylanadi. Shu eʼtibordan xitoy adabiyoti, uning tarixida oʻtgan isteʼdodli adiblari ijodi har doim poetik oʻziga xosligi, turfa uslubiy xususiyatlari maʼrifattalab oʻquvchilar, ayni damda, adabiyotshunos olimlar diqqatini oʻziga jalb qilib keladi.
“Poetika” atamasi adabiyotshunoslikda juda qadimdan maʼlum. U Yunonistonda – adabiyot madaniyatning ajralmas qismi sanalgan yurtda paydo boʻlganligi, hozirga qadar koʻplab taniqli olimlar tomonidan badiiy matn poetikasi masalalari oʻrganilgani ilm ahliga maʼlum.. Jumladan, poetika bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish Rossiyada XIX asrda A.Potebnya va A.Veselovskiyning konsepsiyalari asosida paydo boʻlgan. Keyinroq M.Baxtin, G.Vinokur, V.Jirmunskiy, A.Skaftimov, V.Vinogradov kabilar oʻz asarlarida poetika masalasiga jiddiy eʼtibor qaratganlar. Qadimgi xitoy nasri koʻp hollarda boshqa sharq xalqlari nasridan ixchamligi bilan ajralib turadi. Xan sulolasi hukmronligidan keyingi davr nasri koʻproq tavsifiy tamoyillarga moyil edi. Vaqt oʻtishi bilan u tobora takomillashib bordi. Maqolada oʻrta asrlar xitoy adabiyoti nazariy asoslarining muhim xususiyatlari hamda xitoy mumtoz adabiyotidagi nasriy asarlar va ularning poetikasini oʻrganishga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlar haqida soʻz yuritiladi.