XX ASR XITOY ADABIYOTIDA “YANGI DRAMATURGIYA”
DOI:
https://doi.org/10.37547/ot/vol-02-01-10Keywords:
Abstract
Xitoyda teatr va dramaturgiya asrlar mobaynida milliy anʼanalar oʻzanida rivojlandi. Biroq XX asr boshlariga kelib gʻoyaviy yoʻnalish, mazmun-mundarija, shaklda yangilanishlar, oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bu davrga kelib jamiyatda sodir boʻlayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy oʻzgarishlar tufayli milliy sanʼatda murakkab jarayonlar yuzaga keldi. Anʼanaviy teatrda yuzaga kelgan inqirozli holat xorijiy madaniyatni faol oʻrganish va shu asnoda dramaturgiya va teatrning yangi koʻrinishining rivojiga turtki boʻldi. Bu sanʼat Xitoyga Gʻarbdan inqilobiy-demokratik gʻoyalar bilan birga kirib keldi. Shu davrlarda “xuaszyuy” (“ogʻzaki drama”) – zamonaviy dramaning ilk namunalari matbuotda chop etila boshladi. “Ogʻzaki drama” deb nomlanadigan bu sanʼat turining oʻziga xosligini, dramaning anʼanaviy, eski, sinkretik musiqiy shaklidan tubdan farq qilishiga ishora qiladi. Unda odatda qadimgi tilda ijro etiladigan sheʼriy monolog - ariyalar oʻrnini jonli zamonaviy soʻzlashuv uslubi asosiy oʻrinni egalladi. Nafaqat drama tilida, personajlar nutqida, balki asosiy badiiy tasvir vositalari, pyesalarning parda va aktlarga boʻlinishida, qahramonlarning libos va sahna dekoratsiyalarida keskin farqlar koʻzga tashlandi. Yangi sanʼat – bu voqelikni yangicha idrok etish shakli, xalq maʼnaviy hayotining yangi sohasi sifatida maydonga chiqdi. Uni anʼanaviy teatrdan farqli jihatlaridan yana biri muhim ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-estetik va boshqa dolzarb masalalarning koʻtarilishidir.
XX asr 20 yillarining boshlarida Xitoyga xorijiy adabiy oqimlarning kirib kelishi kuchaydi. Chet el dramaturgiyasi bilan tanishuv Xitoy uchun antik davrdan zamonaviy davrgacha boʻlgan jahon sanʼati xazinalariga yoʻl ochdi. Xorijiy dramaturgiya ham yozuvchilarni, ham oʻquvchi-tomoshabinni yangi xitoy dramasiga tayyorladi. Demak, 20 yillar Xitoy dramaturgiyasi rivojida uchta asosiy tamoyil kuzatildi: anʼanaviy teatr bilan bogʻliq milliy meros, xorijiy dramaturgiyani oʻzlashtirish va zamonaviy milliy drama. XX asrning 30-yillariga kelib, Xitoyda bir muncha qaltis siyosiy vaziyat yuzaga keldi: Xitoyga Yaponiya hujumi xavf solar edi. Yapon bosqinchilariga qarshi kurash harakatlari jarayonida teatr va dramaturgiya rivoji yanada faollashdi.